Hamiya salam kim eger gozel sevgi serleri bilirse yazsin.
Kecha oqshom falakda oy bo‘zarib botganda,
Zuhro yulduz miltirab xira xanda otganda,
Ruhimda bir ma’yuslik, sokinlik uyg‘otganda
Men seni esga oldim, birinchi muhabbatim,
Eslab xayolga toldim, birinchi muhabbatim...
O‘tdi yoshlik zavq bilan, gohi to‘polon bilan,
Gohida yaxshi bilan, gohida yomon bilan,
Ayri ham tushdim ba’zan qalb bilan, imon bilan,
Lekin seni yo‘qotdim, birinchi muhabbatim,
Mangu g‘aflatda qotdim, birinchi muhabbatim.
Dunyo degan shundayin anglab bo‘lmas sir ekan,
Goh keng ekan, gohida tuynuksiz qasr ekan,
Lekin inson hamisha bir hisga asir ekan...
Nechun bilmovdim avval, birinchi muhabbatim,
Parvo qilmovdim avval, birinchi muhabbatim.
Holbuki orzulardan judo ham bo‘lganim yo‘q,
Yulduzday kulganim yo‘q, oy kabi to‘lganim yo‘q,
Erta xazon gul kabi sarg‘ayib so‘lganim yo‘q,
Seni eslab yig‘layman, birinchi muhabbatim,
Eslab bag‘rim tig‘layman, birinchi muhabbatim.
Yo‘lin yo‘qotsa odam - muhabbatga suyangay,
G‘ussaga botsa odam - muhabbatga suyangay,
Chorasiz qotsa odam - muhabbatga suyangay,
Men kimga suyangayman, birinchi muhabbatim,
Faqat eslab yongayman, birinchi muhabbatim.
Nido bergil, qaydasan, sharpangga quloq tutdim,
Sirli tushlar ko‘rib men bor dunyoni unutdim,
Tongda turib nomingga ushbu she’rimni bitdim,
Dildagi ohim mening birinchi muhabbatim,
Yolg‘iz Ollohim mening birinchi muhabbatim.